Автор работы: Пользователь скрыл имя, 07 Июня 2013 в 20:36, реферат
Tayanch so’z va iboralar: huquq, til, faoliyat shakllari, ehtiyoj, ifoda vositalari, nutq, voqyelanish, nutqning turlari, og’zaki va yozma nutq, nutqiy madaniyat, nutq sifati, nutq mazmuni, kommunikativ maqsadi, muloqotning xususiy shakllari, muloqotdagi an’anaviylik, dialogik va monologik nutq.
1. Til va nutq, til madaniyati va nutq madaniyati tushunchalari.
2. Til va huquqning o’zaro munosabatlari.
3. Nutq shakllari va ularning huquqiy faoliyat jarayonidagi vazifalari.
4. Huquqqa oid munosabatlar tizimida muloqot strategiyasi va taktikasi.
O’zbek tilining o’ziga xos xususiyatlari, nozik qirralari hisobga olinmagan. Matn, o’zbekcha bo’lishidan qat’iy nazar, gaplar ruscha qoliplarga solingan, g’aliz va tushunarsiz so’z va so’z birikmalari tarkibi oshib ketgan»16[16].
Mustaqillik tufayli nafaqat yuridik hujjatlarni o’zbek tilida yaratish, balki matnni o’zbekcha fikrlash zaruriyati va, ayni paytda, imkoniyati vujudga keldi.
Xo’sh, huquq tilini qanday o’rganish va uni nimadan boshlash kerak? Bu savolga taniqli huquqshunos olimlar uni Konstitusiya tilini o’rganishdan boshlash lozim deb, javob berishadi. «Konstitusiya tili o’zining aniqligi, lo’ndaligi, ravonligi, bir ma’noliligi bilan farqlanib, yuridik til etaloni timsolidir. Konstitusiya ustuvorligi prinsipidan kelib chiqib, boshqa qonunlarda qo’llash uchun Konstitusiya matnida foydalangan atamalar tanlanishi kerak»17[17].
Ana shu fikrga amal qilinsa, yurisprudensiyada o’zbek tilidan foydalanishning yagona tizimi yaratiladi. Bu esa atamalarni qo’llashda, gap qurilishini shakllantirishda ma’lum darajada bir xillikka olib keladi.
Buning ustiga, yuridik tilga qo’yiladigan g’oyatda muhim bir talab mavjud. U hamma foydalana oladigan, tushunarli, ommaviy til bo’lishi lozim. Masalaning murakkabligi ham ana shunda. Huquqiy-me’yoriy hujjatlar matnidan bir vaqtning o’zida ham mukammallik, ham ommaviylikni da’vo qilishimiz uning yaratuvchilaridan qanchalik bilim va mahorat talab etishini ko’rsatadi.
Nutq madaniyati deyilganda faqat uning og’zaki shaklini tushunish kerak emas. Yozma nutq madaniyati bundan ham mas’uliyatlidir. Tilda barqarorlikni ta’min etadigan yozuvning huquqiy matnlar shakllanishi, an’anaviylik va turg’unlik mazmuni kasb etishida ahamiyati katta. Uning yordamida nafaqat matnlar keyingi davrga yetkaziladi, balki yozma ko’nikmalar ham shakllanadi. Umumxalq tili elementlaridan, yuridik terminologik tizimdan foydalanish yo’llari, fikrni qisqa jumlalarda ifodalash usullari aynan ana shu yozma matn tufayli takomillashib boradi. U ma’lum ma’noda keyingi yoziladigan matnlar uchun namuna vazifasini o’taydi. Shuning uchun ham yuridik yozma nutq madaniyatini takomillashtirish nutq madaniyati tizimida alohida mavqyega ega.
Og’zaki yuridik nutq ham umumiy og’zaki nutq madaniyati talablariga bo’ysunsa-da, mas’uliyatning jiddiyligi bilan, huquqshunoslar tomonidan ijro etiladigan nutq inson taqdiriga bevosita aloqador bo’lishi bilan ajralib turadi. Nutqning ushbu turi asosan sud jarayonida hamda huquqiy targ’ibot ishlarini olib borish davomida shakllanadi. Har ikkalasi ham mas’uliyat talab etadigan jarayon. Shu sababli huquqshunosning og’zaki nutqi oldiga ham qator talablar qo’yiladiki , ular haqida keyingi mavzularda alohida so’z yuritiladi.
Xullas, huquqshunoslik va o’zbek tilshunosligi taraqqiyotining mustaqillik davri bosqichida huquq va til muammolarini yaxlit holda olib qarab, ularning bir-biriga bog’liq tomonlarini o’rganish g’oyatda muhim vazifa sanaladi. Bu boradagi tadqiqotlar ikki fan o’rtasidagi yangi bir yo’nalishini vujudga keltirishi ham mumkin.
Endi bir necha og’iz gap yuristning muomala madaniyati xususida. O’zbek xalqi dunyoda o’z ma’naviyati va madaniyati mavjud bo’lgan turkiy xalqlarning biri sifatida tildan foydalanishda ham qadimiy an’analari, odat va ko’nikmalariga ega. Zero, ana shu ana’ana va odatlar har bir xalqning o’zligini ko’rsata oladigan belgilar sanaladi.
O’zining boy tarixi va o’tmishi, havas qilsa va namuna olsa arzigulik ma’naviy-madaniy merosiga ega bo’lgan o’zbek xalqining muloqot an’analari nafaqat mazmunan, balki shaklan ham rang-barangdir. Sharq ma’naviyatining tarkibiy qismi bo’lgan bu muloqot o’zbeklar bilan yonma-yon yashab kelayotgan boshqa xalqlar madaniyati bilan uyg’un, ayni paytda, o’ziga xosdir. Kishilarning yoshiga qarab hurmat bildirish va shunga yarasha muomalada bo’lish, suhbat jarayonidagi samimiyatga, suhbatdoshga yon berishga harakat qilish, yoshlarning qariyalarga, ayollarning erlariga yoki erlarning ayollariga, farzandlarning ota-onalariga, obro’li kishilarga, rahbarlarga bo’lgan izzat-hurmatning, mezbonning mehmonga bo’lgan ehtiromining avvalo muloqot jarayonida aks etishi ana shu o’ziga xosliklar sanaladi.
O’zbek xalqining vakili, shu bilan birga, uning faxri sanaladigan huquqshunos ham muloqot jarayonida bu umuminsoniy va umummilliy fazilatlar va qadriyatlardan yiroq bo’la olmaydi. Bu masalaning umumiy tomoni. Xususiy jihati shundan iboratki, huquqshunoslarning aksariyat qismi davlatning huquqiy organlarida, ta’lim-tarbiya jarayonida faol qatnashib kelayotgan kishilar hisoblanishadi. Binobarin, ular xalq bilan mustahkam aloqadorlikda bo’lgan insonlardir. Hukumat va huquqiy organlar vakili, ta’lim-tarbiya va targ’ibot ishlarining faol ishtirokchisi bo’lishning o’ziyoq ular mas’uliyatining qay darajada bo’lishi lozimligini aytib turibdi. Ana shu mas’uliyat o’z navbatida muomala mas’uliyatini ham keltirib chiqaradi. Huquqshunoslar - ichki ishlarda xizmat qiladigan nozirdan tortib prokurorgacha, huquqshunos-talabalardan tortib ularning murabbiylarigacha hamisha xalqning kuzatuvida bo’ladi, ko’pchilik ularga havas qilishadi va namuna olishadi. O’z navbatida ular ham ana shu hurmat-e’tiborga va ishonchga loyiq bo’lishlari lozim. Bu gaplar bevosita muomala madaniyatiga ham tegishlidir. Oddiy suhbat bo’ladimi, tergov va sud jarayoni bo’ladimi, tildan foydalanish hamisha odob doirasida bo’lmog’i zarur. Men davlat yoki huquqiy organ vakiliman, deb o’ziga ortiqcha baho berish va oddiy kishilarga qo’pol muomalada bo’lish huquqi hyech kimga berilmagan. To’g’ri, yuristlar uchun ham ba’zan nozik va qiyin vaziyatlar paydo bo’lib qoladi. Masalan, qotillik qilishdek yoki nomusga tajovuz qilishdek qabih jinoyatlarni sodir qilganlar bilan bo’ladigan tergov yoki sud jarayoni, savol-javoblar hamma vaqt ham oson kechmasligi mumkin. Ammo shunday paytlarda ham barcha muloqotlar insoniylik doirasida bo’lishi, hyech kimning shaxsiyatiga, nafsoniyatiga, sha’niga tegmaydigan darajada bo’lishi lozim. Muloqotning salomlashish, daromad, muddao, tinglash, munosabat bildirish va xotima singari bosqichlari umuminsoniy qadriyatlar doirasida bo’lsagina huquqshunos o’zi ko’zlagan maqsadga oson erishadi.
Shunday qilib, nutq madaniyatini puxta egallash, uni muomala jarayonida maqsadga muvofiq tarzda qo’llay olish nafaqat huquqshunosga katta mas’uliyat yuklaydi, ayni paytda, unga obro’ ham keltiradi. Bunga esa osonlik bilan erishib bo’lmaydi. Til ilmini yaxshi bilish va uni amaliyotda mahorat bilan qo’llay olishgina ana shu obro’ning zarur sharti bo’lib qoladi.
Prokuror nutqi. Yuqorida sanab o’tilgan nutqlar orasida prokuror nutqi o’zining mazmuni va til birliklarining tanlanishi bilan alohida ajralib turadi. Chunki prokuror o’z vazifasi nuqtai nazaridan sodir etilgan jinoyat yoki qonunbuzarlikni mavjud tuzum va davlat manfaatini hamda amaldagi qonunlar manfaatini ko’zlab baholaydi. Nega prokuror nutqi qoralovchi nutqi, ayblovchi nutqi deb ham nomlanadi? Aslida rasmiy tilda bu ibora ishlatilmasligi kerak. Chunki, u so’zlashuv uslubiga xos bo’lib, biron bir shaxs tomonidan sodir etilgan nojo’ya harakatning prokuror tilida davlat va qonun manfaati nuqtai nazaridan qoralangani uchun ham qoralovchi, ayblovchi, (ba’zan davlat ayblovchisi), qoralovchi nutq, ayblovchi nutq birliklari qo’llaniladi.
Jamoatchi-qoralovchi nutqi. Sud jarayonida jamoatchi-qoralovchi ham ishtirok etishi mumkin. Uning nutqi ayblanuvchi yoki sudlanuvchi manfaatiga zid fikrlar bayon qilinishi bilan prokuror nutqiga o’xshab ketadi. Ammo ko’p jihatlari bilan ular bir-biridan farq ham qiladi.
Birinchidan, jamoatchi-qoralovchi hamma sud majlislarida ham ishtirok etavermaydi. Biron bir tashkilot yoki muassasa manfaatini himoya qilish zarur bo’lgandagina uning ishtirok etishiga ehtiyoj bo’lishi mumkin. Ikkinchidan, bu nutqlar bayon usuliga ko’ra farqlanadi. Prokuror nutqida ayblanuvchi sodir etgan huquqbuzarlik yoki jinoyatning har bir holati va keltirilgan dalillarga qonun nuqtai nazaridan, hatto bu qonunlarning tegishli moddalari ko’rsatilib munosabat bildiriladi va baho beriladi. Prokuror ayblanuvchi yoki sudlanuvchini avvaldan bilmasligi mumkin va bilishi ham shart emas. Mana shu jihatlar jamoatchi-qoralovchi nutqida boshqacharoq tarzda kechadi. U qonunni prokurorchalik bilmasligi mumkin va shuning uchun uning nutqida qonun moddalariga asoslanib xulosa chiqarishlar ko’zga tashlanmaydi. Buning ustiga u ayblanuvchi bilan bir jamoada ishlaydi va uning insoniy jihatlari bilan tanish bo’ladi. Ular bundan keyin ham birga ishlashni davom ettirishlari mumkin. Jamoatchi-qoralovchi masalaning ana shu jihatlarini hisobga olishga majbur bo’ladi.
Harqalay sudning adolatni hukm chiqarishi nuqtai nazaridan bu kabi nutq ham muhim. Ammo uning ma’lum tartib-qoidalarini ishlab chiqish va tavsiyalar berish amaliyot nuqtai nazaridan maqsadga muvofiq ko’rinmaydi. Chunki bu kabi nutqlarga, yuqorida ta’kidlanganidek, faqat ayrim holatlardagina ehtiyoj sezilishi mumkin. Umumiy madaniyat, savodxonlik nuqtai nazaridan esa bu nutq ham boshqa har qanday nutq oldiga qo’yiladigan talablarga javob berishi kerak. Bu ko’pincha jamoatchi-qoralovchining tilni bilishi, unga bo’lgan munosabati va savodxonlik darajasi bilan bog’liq bo’ladi.
Himoya nutqi. Sud jarayonida shakllanadigan eng muhim nutqlardan biri advokatning himoya nutqi hisoblanadi. Chunki bu nutq sud jarayonida taqdiri sud hukmiga bog’liq bo’lib turgan, qanday jinoyatni sodir etganligi yoki qonunni buzganligidan qat’iy nazar, sudlanayotgan kishini insonparvarlik tamoyillariga ko’ra himoya qiladi. Sudlanuvchi o’z qilmishiga yarasha qanday jazo olishiga qaramasdan, himoya nutqi uning hayotida katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lishi mumkin. Bunday nutqning nafaqat sud jarayonida, balki ijtimoiy hayotda ham kishilarga ta’siri bo’lganligini ta’kidlash joiz. Shuning uchun ham bu nutqning axloqiy va ruhiy jihatlariga e’tiborsizlik bilan qarab bo’lmaydi.
Himoyachi uchun vaziyatning murakkabligi va noqulayligi shundaki, u sud jarayonida biron bir jinoyatni sodir etgan yoki aybdor deb topilgan kishining manfaatini himoya qiladi. Mutlaqo gunohsiz odamni himoya qilish holatlari sud tajribasida kam-kam uchrashi mumkin bo’lgan hodisadir. Shuning uchun ham uning nutq ohangida talabdan ko’ra iltimos ohangi ustun bo’ladi. Aybdor deb topilgan kishining ayblari qanchalik kam va tergov jarayonida prosessual qonunlar qanchalik ko’p buzilgan bo’lsa, iltimos ohangi talab ohangiga qarab o’sib boraveradi. Binobarin, bu holat advokat nutqining shakllanishiga, ayni paytda masalaning sudlanuvchi va advokat foydasiga hal bo’lishiga ijobiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Masalaning yana murakkabligi shundaki, advokatning sud jarayonida prokuror bilan – davlat va qonun nomidan ish ko’rayotgan mansabdor shaxs bilan bahslashishiga to’g’ri keladi. Prokurorning har bir daliliga qarshi qo’yiladigan asosli dalillarni keltirish advokat uchun oson emas, albatta. Ammo u ish manfaati nuqtai nazaridan shunday qilishga majbur. Bu esa oqlovchidan tinimsiz izlanish, chuqur bilim va jarayon davomidagi katta notiqlik mahoratini talab qiladi.
Lekin advokat nutqining afzallik tomoni shundaki, u nutq jarayonida tilning tasviriy imkoniyatlaridan unumli foydalanish, sud jarayoni ishtirokchilarining hissiyotiga ta’sir qilish imkoniyatiga ega. Ya’ni u sodir etilgan jinoyatga beriladigan jazo va uning oqibatlari qanday ma’naviy-ruhiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkinligiga e’tiborni qaratadi. Masalan qadimgi Rimning buyuk notig’i Siseron aybdorni himoya qilib ijro etgan bir nutqining oxirida so’zini bexosdan to’xtatib, xuddi artist kabi rolga kirib, gunohkorning bolasini baland ko’targan holda yig’lamsirab, xo’rsinib-xo’rsinib, sud hay’atidan bolaga va uning otasiga rahmi kelishlarini yalinib so’raganligi tarixdan ma’lum1818[7]18. Unga qarama-qarshi bo’lgan prokuror nutqi esa, yuqorida ta’kidlaganimizdek, odatda har qanday ehtiroslardan holi bo’ladi va unda fikr-mulohazalar faqat davlat va qonun manfaatini himoya qiluvchi vosita bo’lib hisoblanadi.
Sud jarayonida bo’ladigan munozaralar muhim bir narsaga – adolatni qaror toptirishga qaratilgan bo’ladi. Advokat ham ana shu jarayonning faol ishtirokchisi hisoblanadi. Sud jarayonida oddiy insonlar tilida qoralovchi va oqlovchi deb nomlanadigan tomonlar o’rtasida, garchi har ikkala tomon ham qonunga binoan ish ko’rsalar-da, davlat va sudlanuvchi o’rtasida manfaat nuqtai nazaridan ma’lum ziddiyatlar mavjud bo’ladi. Shunday bo’lishiga qaramasdan, bu munozaralar va tortishuvlar halol bo’lishi, qonun ustuvorligi ta’minlanishi lozim. Bu bahsda yengib chiqish advokatdan ozmuncha mehnat talab qilmaydi. Birgina qonunni yaxshi bilishning o’zi yetarli bo’lib qolmaydi. Ana shu qonunlar, o’z bilimi va tajribasiga tayangan holda sud jamoasiga ta’sir o’tkaza bilishi, ularda ayblovga nisbatan shubha uyg’ota olishi lozim. Bu esa advokatdan notiqlik mahoratini puxta egallash zaruriyatini o’z-o’zidan keltirib chiqaradi.
Sud jarayonidagi ayblanuvchining tomonida turib ijro etiladigan nutq himoya nutqi, advokat nutqi, hatto so’zlashuv uslubida himoyachi nutqi, oqlovchi nutqi deb yuritiladi. Qanday nomlanishidan qat’iy nazar, ular bir xil mazmunga ega va ular ayblanuvchining manfaatini aks ettiradi va advokat – himoyachining sud jarayonidagi o’rnini belgilaydi.
Bir narsani ta’kidlash adolatdan bo’lar ediki, shu paytga qadar sud jarayonida advokatlarning mavqyei sezilarli darajada bo’lganligi kam kuzatilgan. Shundan kelib chiqib, ularning nutqiga ham e’tibor kam bo’lgan. Ammo mustaqillikdan keyingi davlatchiligimizda qonun ustuvorligi ta’minlangandan so’ng sud sohasida islohotlar boshlab yuborildi. O’zbekiston Respublikasining «Advokatura va advokatlik faoliyati to’g’risida»gi Qonunning qabul qilinishi, 1999 yildan «Advokat» jurnalining nashr etila boshlaganligining o’ziyoq huquqiy faoliyatning bu sohasiga e’tiborning jiddiy bo’lganligidan dalolatdir. Qonunga binoan davlat himoyasida bo’lgan advokatning burchi va mas’uliyati shu qadar yuksakki, uni faqat huquqshunoslik iqtidoriga va keng qamrovli bilimga ega bo’lgan kishigina uddalashi mumkin. Binobarin, til bilimi va madaniyati ham ana shu burch va mas’uliyat doirasida qaraladi.
Qonunning 6-moddasiga muvofiq advokat «fuqarolik ishlari hamda ma’muriy-huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlar bo’yicha sudda, boshqa davlat organlarida, jismoniy va yuridik shaxslar oldida vakillikni amalga oshiradi; jinoiy ishlar bo’yicha dastlabki tergovda va sudda himoyachi, jabrlanuvchining vakili, fuqaroviy da’vogarning hamda fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etadi». Advokat fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va aholi orasida yuridik bilimlarni targ’ibot qilish ishida qatnashishi lozimligi ham Qonunda ko’zda tutilgan.
«Advokat» jurnali tahririyatiga Qashqadaryo viloyati Muborak tumani huquqiy maslahatxonasi mudirasi N.Ro’ziyeva quyidagi mazmunda xat yo’llagan: «Advokatning himoya nutqlari sudda asosiy o’rin tutadi. Lekin advokatlarning notiqlik san’ati to’g’risida biron jurnal yoki gazetada maqola uchratmaganman. Yoki advokatlar qanday himoya nutqi so’zlashi kerak, nimalarga e’tibor berishi kerakligi to’g’risida biron adabiyotga ko’zim tushmagan. Faqatgina rus advokatlarining bir-ikkita himoya nutqlari to’plamini o’qiganman. «Advokat» jurnali respublika advokatlariga yordam sifatida mamlakatimizdagi taniqli advokatlarning himoya nutqlarini e’lon qilib borsa, chunki ko’pchilikdan ko’p narsani o’rganish mumkin»1919[8]19.
Ana shu taklifga hamohang tarzda jurnal tahririyati tomonidan eng yaxshi himoya nutqi tanlovini e’lon qilib, ularning namunalari berib borilmoqda. Jumladan, 2002 yilning 2, 3, 4-sonlarida advokatlar B.Salomovning 2001 yilning 29 yanvarida Qashqadaryo viloyat sudida, Sh.Egamning fuqaro I.Inomova, A.J.Polvonovning A.K.Sapayev ishlari yuzasidan so’zlagan himoya nutqlari keltirilgan. Jurnal tahririyati-ning bu harakatini sud sohasidagi islohotlarning amaldagi ko’rinishi sifatida baholanishi lozim va bu materiallardan huquqshunos-talabalar uchun dars jarayonida foydalanish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Yuqorida tilga olingan himoya nutqlari matni birmuncha keng bo’lganligi tufayli ularni bu o’rinda to’lig’icha keltirishning imkoni yo’q. Ammo himoya nutqiga til va uslub nuqtai nazardan qo’yiladigan talablarni sharhlashda ulardan bemalol foydalanish mumkin.
Himoya nutqi ham boshqa omma oldida amalga oshiriladigan oshkora nutqlar qatori o’z qurilishiga ega. Jumladan, nutq sud hay’atiga rasman murojaat qilish bilan boshlanadi. Nutqning maqsadi e’lon qilinadi. Aybning mazmuni, garchi sud jarayonida avval aytilgan bo’lsa ham, barcha tafsilotlari bayon qilinadi. O’zi himoya qilayotgan fuqaro sodir etgan huquqbuzarlik yoki jinoyat qonunning qaysi moddasiga nisbatan tasnif qilinayotganligi yana bir bor ta’kidlanadi.
Shundan so’ng qo’yilayotgan ayb o’z tasdig’ini topgan-topmaganligi haqida o’z nuqtai nazarini ma’lum qiladi va ularni amaldagi qonunlarning tegishli moddalari bilan asoslashga harakat qiladi. Sudlanuvchining qonuniy huquqlari tergov va sudda buzilgan-buzilmaganligiga munosabat bildiriladi. Xulosada O’zbekiston Respublikasi JPKning 53-moddasiga asosan sud oldiga o’z talablarini qo’yadi. Jumladan, yuqorida tilga olingan A.J.Polvonovning 3 yashar J.Shukrullayevni traktorning orqa g’ildiragi bilan urib yuborib, yo’l-transport hodisasi sodir qilgan A.Sapayevni himoya qilish jarayonida so’zlagan nutqi oxirida sud hay’atidan quyidagilarni so’ragan:
1. A.Sapayevga nisbatan jazo tayinlashda O’zR JKning 55-moddasida nazarda tutilgan jazoni yengillashtiruvchi holatlarni, aybini bo’yniga olib chin ko’ngildan pushaymonligini, jabrlanuvchi vakilidan kechirim so’raganini, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug’ullanib kelib, ish va yashash joylaridan ijobiy tavsiflanganini, qaramog’ida voyaga yetmagan 3 nafar farzandlari bo’lib, oilada yolg’iz boquvchi ekanligini, sudlanuvchining asosiy kasbi haydovchilik bo’lib, boshqa mutaxassislikka ega emasligini e’tiborga olib, O’zR JKning 57-moddasini tatbiq qilib, transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilmaslikni, yo’l-transport hodisasining kelib chiqish sabablari va oqibatlari o’rtasidagi sababiy bog’lanish, ya’ni yosh bolaning ko’chada yolg’iz, qarovsiz qoldirilganligini, sudlanuvchining shaxsini, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini e’tiborga olib, unga nisbatan O’zR JKning 266-moddasi 2-qismi bilan yengil jazo tayinlab, tayinlangan jazoni o’tamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan xulosaga kelib, JKning 72-moddasini qo’llab shartli hukm qilishni, qamoqda saqlash ehtiyot chorasini bekor qilib, sud zalidan qamoqdan ozod qilishni.
2. Dastlabki tergov davrida O’zR JPK normalari qo’pol ravishda buzilganligi, qonun normalari to’g’ri talqin qilinmaganligi, prosessual harakatlar qalbakilashtirilganligi uchun tergovchi Z.Nuriyevning dastlabki tergovda yo’l qo’ygan kamchiliklari ustidan JPKning 423, 476-moddalari tartibida xususiy ajrim chiqarishni.
3. Dastlabki tergovda O’zR JPK normalari qo’pol ravishda buzilib, sudlanuvchi A.Sapayev 2002 yilning 16 avgustidan 21 avgustiga qadar qonunga xilof ravishda ushlab turilganlik holati bo’yicha hozirda mening qo’limda tergovchilarning harakatlari ustidan keltirilgan shikoyat bo’yicha biron bir ma’lumot bo’lmasa-da, maslahat uyiga kirgan vaqtda ushbu holatni ham o’rganib chiqib tergovchi Z.Nuriyev mansab vakolati doirasidan chetga chiqqanligi, tergov bo’limi boshlig’i R.Jumaniyazov esa qonun buzilishini bila turib harakatsizlik qilganligi uchun ulargi nisbatan jinoyat ishi qo’zg’atish haqida ajrim chiqarishni. (Jurnal tahririyatining ma’lumot berishicha, masala xuddi advokat qo’yilgan talablar asosida hal etilgan. Xorazm viloyat sudi ishni appelyasion tartibda ko’rib chiqib, A.Sapayevga nisbatan O’zR Jkning 72-moddasini qo’llab hukm chiqargan va ehtiyot chorasi bekor qilinib, u qamoqdan ozod qilingan).
Sudlanuvchini himoya qilish jarayonida mana shu tarzda nutqning mazmunini bayon etiladi. Huquqbuzarlik yoki jinoyatni yuzaga keltirgan holatlarning mohiyatini ochib berishga harakat qilinadi, sudda keltirilayotgan har bir ayblov va dalilga munosabat bildiriladi.
Bu o’rinda masalaning murakkabligi shundaki, hamma advokatlar ham haligacha sobiq tizim davridagi tazyiq ruhiyatidan tamomila ozod bo’lgan emaslar. Ularning boshqa bir qismida esa malakaviy mahorat yetishmaydi. Manfaatlar to’qnashuvi jarayoni esa himoya san’atini mukammal egallashni taqozo qiladi. Yana shunday holatlar ham bo’lib qoladiki, himoyachi qonunni yaxshi biladigan kishi sifatida sudlanuvchining aybini tan oladi. Shunday paytda ham insonparvarlik nuqtai nazaridan advokat o’z nutqini ayblanuvchi yoki sudlanuvchining javobgarligini yengillashtiruvchi holatlarga qaratishi lozim bo’ladi.
Shayxontohur tumani huquq maslahatxonasi advokati Ђ.Namozov «Sudyalar himoyaga muhtoj» maqolasida juda ma’qul gaplarni yozgan: «Himoyamdagi Ђ.Xoldorov ayblanayotgani bois, qonun menga uning aybsizligini isbotlash vazifasini yuklamaydi. Men himoyachi sifatida aybnomada, hukmda tasvirlangan voqyeani tiklashga asos qilib olingan dalillarning qanchalik darajada qonuniyligini asoslasam, bas. Demoqchimanki, agar jinoyat hodisasi deb tasvirlanayotgan hodisani tiklashga xizmat qilayotgan dalillar qonunga mos ravishda yig’ilgan bo’lsa, tasvirlanayotgan hodisa – haqiqat, aksincha, dalillar qonuniy bo’lmasa, tasvirlangan hodisa – bo’hton, uchinchi yo’l yo’q, ya’ni dalillar noqonuniy bo’lsa ham voqyea to’g’ri deb baholanmaydi»2020[9]20.
Mabodo jinoyat bir guruh kimsalar tomonidan amalga oshirilgan bo’lsa, himoya jarayoni yana ham og’ir kechadi. Sudda alternativ nutqlar ijro etiladi. Ularni hamma vaqt ham muvofiqlashtirib bo’lmaydi va bu hol himoya kuchini zaiflashtiradi. Lekin bunday holatlarda ham barcha holatlar bo’lgani singari nutq mantiqi va etikasiga alohida e’tibor berilishi zarur bo’ladi.
Sud jarayonida jamoatchi-qoralovchilar qatnashgani sangari jamoatchi-oqlovchilar ham ishtirok etishlari mumkin. Ular odatda sudlanuvchi ishlayotgan korxona jamoasining vakillari bo’lib, qonun-buzarlik tasodifan yoki bilmasdan sodir etilganda, gunohkor hisoblangan kishi aslida jamoa o’rtasida izzat-hurmatga sazovor odam sifatida e’tirof etilganda qatnashishadi. Bunday nutq mazmunan ayblanuvchining ijobiy hislatlarini, jamoa o’rtasidagi obro’sini, ishga bo’lgan munosabati va intizomini bayon ettiradi. Yozma va og’zaki shaklda ifoda etiladigan bu nutq ma’lum ma’noda kafolat vazifasini o’taydi. Unda ayblanuvchining kelajakda o’z xatolarini tuzatishi mumkinligi va jamiyatga, oilasiga foydasi tegishi mumkinligiga ishonch bildiriladi. Bunday nutqlarning ijro etilishi asosan fuqarolik ishlarini ko’rib chiqish bilan bog’liq bo’lgan sud jarayonlariga xos sanalib, uning sudyaning ma’lum xulosaga kelishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Chunki mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish jarayoni aynan shunday munosabatlarni taqozo qiladi.
O’z-o’zini himoya qilish nutqi. Ba’zan shunday holatlar ham bo’ladiki, aybdor tergov jarayonida tazyiqqa duch keladi va yolg’on ko’rsatmalar berishga majbur bo’ladi. Bunday paytda uning birdan bir xaloskori sud bo’lishi mumkinligi tushungan sudlanuvchi faqat sud jarayonidagina bo’lgan voqyeani ochiq-oydin aytib o’zini-o’zi himoya qiladi.
Sud notiqligi tarixida A.F.Koni, N.F.Plevako, P.S.Proxov-shikov (Sergeich) larning alohida o’rni bor. Shuning uchun ularning ilmiy va amaliy merosini o’rganish bugungi huquqiy foaliyat uchun ham xizmat qiladi. «Sud notiqligi va siyosiy notiqlik», «Lektorlarga maslahatlar» asarlarining muallifi A.F.Koni bu sohaga oid nazariy qarashlari va amaliy faoliyati bilan rus ritorikasi taraqqiyotiga juda katta hissa qo’shdi. Nutqda fikriy teranlik, donishmand kishilarning fikrlariga murojjat qilish, kutilmagan naqllarni keltirish bilan tinglovchining diqqatini tortish va ularning yordamida asosiy fikrni yetkazishga oid qarashlar A.F.Koni faoliyatida muhim o’rin tutadi.
A.F.Plevako himoya nutqining mohir ustasi bo’lgan. S.Inom-xo’jayev: «A.F.Konining gapiga ko’ra, Plevakoning notiqligi ilhom darajasidagi yuksaklikda bo’lgan. U o’zi himoya qilgan kishilarning butun ichki olamini o’zlashtirib olgan. Plevako o’z nutqlarida obrazli iboralardan keng foydalanadi. Jumladan, u dehqonlar isyoni ko’rilgan ishda himoyachi sifatida chiqadi. Prokuror bu isyonni kim birinchi bo’lib boshladi, deb so’raganida u: Siz buni bila olmaysiz, chunki bug’doyzor ustida shamol tursa hamma boshoq bir xil baravariga silkinadi, qay biri birinchi bo’lib silkinganini qayerdan bila olasiz?- deydi» 2121[10]21.
Sergeich taxallusi bilan mashhur bo’lgan P.S.Proxovshikov ham notiqlik san’atining nazariyotchilaridan sanaladi. Uning «Sud himoyachisi», «Sud jarayonida nutq san’ati» asarlarida bu sohaga oid g’oyat qimmatli fikrlar bayon etilgan. Sergeich nutq namunasini mukammal badiiy asar darajasida qaraydi va uning shu darajaga yetishi uchun quyidagilarga e’tibor berilishi lozimligini uqtiradi: tinglovchilar bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqa o’rnatish, samimiy munosabatda bo’lish; nutq jarayonida vaqti-vaqti bilan ohangni o’zgartirib turish; nutq orasida hazil-mutoibaga o’rin berish; kutilmaganda tinglovchilarga murojaat qilish, savollar berish; asosiy narsani yashirib, tinglovchilarni qiziqtirish; fikrni birdan uzib qo’yib boshqa mavzuga o’tish va yana avvalgi holatga ustalik bilan qaytish; keyin aytiladigan fikrlarga oldindan shama qilib qo’yish va hokazo2222[11]22.