Jahon moliyaviy inqirozi

Автор работы: Пользователь скрыл имя, 20 Ноября 2013 в 12:44, контрольная работа

Краткое описание

2008 yilda boshlangan va bugungi kunda ko‘lami tobora kengayib va chuqurlashib borayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqiroziga baho berar ekan, ko‘pgina xalqaro ekspert va mutaxassislar bu inqirozning sabablari va yanada avj olishi bilan bog‘liq prognozlarida javoblardan ko‘ra ko‘proq savollarga duch kelishmoqda.
E’tiboringizga havola etilayotgan "Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari" deb nomlangan ushbu asarning dolzarbligi ham aynan ana shu holatlar bilan izohlanadi. Kitob quyidagi ikki qismdan iborat:

Вложенные файлы: 1 файл

JAHON MOLIYAVIY-IQTISODIY INQIROZI, O‘ZBEKISTON SHAROITIDA UNI BARTARAF ETISHNING YO‘LLARI VA CHORALARI.doc

— 105.50 Кб (Скачать файл)

Dastlab zarar ko‘rib ishlaydigan, rentabelligi past va istiqbolsiz shirkat xo‘jaliklarini tugatish negizida tashkil etilgan xususiy fermer xo‘jaliklari bugungi kunda haqli ravishda qishloqda yetakchi bo‘g‘inga — qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi asosiy kuchga aylandi.

Hozirgi vaqtda fermer xo‘jaliklari qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishning eng samarali shakli ekanini hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda. Yurtimizda fermer xo‘jaliklarini moddiy-texnik ta’minlash va moliyalash bo‘yicha bozor iqtisodiyoti tamoyillariga to‘la javob beradigan ishonchli tizim va mexanizmlar shakllantirildi va muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.

Har yili fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun katta miqdorda moddiy resurs va mablag‘lar ajratilmoqda. Faqat o‘tgan 2008  yilning o‘zida qishloq xo‘jalik mahsulotlarining eng muhim turlarini yetishtirish uchun 1 trillion so‘m, jumladan, paxta tayyorlashga — 800 milliard so‘m, g‘alla yetishtirishga 200 milliard so‘m mablag‘ avans tariqasida berildi. 2009 yilda ushbu maqsadlar uchun 1 trillion 200 milliard so‘m  yo‘naltiriladi.

Qishloq xo‘jalik texnikasini lizing asosida sotib olish bo‘yicha maxsus tashkil etilgan Fond hisobidan ushbu maqsadlar uchun 2008 yili 43 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2009 yilda 58 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan ana shunday e’tibor va amaliy yordam tufayli 2008 yilda fermer xo‘jaliklarining paxta yetishtirishdagi ulushi 99,1 foizni, g‘alla  tayyorlashda esa 79,2 foizni tashkil  qildi.

Shu bilan birga, o‘tgan davr mobaynida orttirgan tajribamiz fermerlikni yanada rivojlantirish uchun bir qator juda muhim muammolarni, xususan, fermer xo‘jaliklarining barqarorligi, eng muhimi, ularning samaradorligini oshirish bilan bog‘liq masalalarni hal qilishni qat’iy talab etmoqda.

Faoliyat yuritayotgan aksariyat fermer xo‘jaliklarining ish tajribasi shundan dalolat beradiki, fermer xo‘jaliklarini shakllantirishning dastlabki bosqichida ularga ajratib berilgan yer maydonlarining kamligi mahsulot  ishlab chiqarish rentabelligining o‘sishiga ko‘p jihatdan to‘sqinlik qilmoqda.

Imkoniyati, kuch-quvvati kam bo‘lgan fermer xo‘jaliklari o‘zini zarur texnika, aylanma mablag‘ bilan ta’minlash, kredit qobiliyatiga ega bo‘lish, eng asosiysi, o‘z xarajatlarini qoplash va foyda ko‘rib ishlash, daromadni oshirishning ishonchli asosiga aylanolmasligini bugun hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, yer maydonlarini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish va  fermer xo‘jaliklari faoliyatini tanqidiy baholash asosida ularning yer maydonlarini optimallashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli, shu bilan birga, puxta o‘ylangan ishlar amalga oshirildi. Bunda fermer xo‘jaliklarining qaysi sohaga ixtisoslashgani va mamlakatimizning turli hududlaridagi aholi zichligi alohida e’tiborga olindi.

Ana shu ishlar natijasida fermer xo‘jaliklari uchun ajratilgan yer maydonlari bugungi kunda paxtachilik va g‘allachilikda o‘rtacha 37 gektardan 93,7 gektargacha ko‘paydi yoki 2,5 barobardan ziyod oshdi. Bu  ko‘rsatkich   sabzavotchilikda — 10 gektardan 24,7 gektargacha yoki 2,5 barobar, chorvachilikda esa 154 gektardan 164,5 gektargacha ko‘paydi. 
2008 yilda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi barqaror rivojlandi.

Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning soliq yukini yanada kamaytirish, mikrofirma va kichik korxonalar uchun  yagona soliq to‘lovining  10  foizdan  8  foizga, 2009 yildan   boshlab  esa 7 foizga tushirilishi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalarining kamaytirilishi va ayni paytda uni hisoblash tartiblarining takomillashtirilishi tadbirkorlik, kichik va xususiy biznesni izchil rivojlantirish uchun kuchli rag‘batlantiruvchi omillar yaratdi.

Natijada so‘nggi olti yil mobaynida faoliyat yuritayotgan kichik  biznes   sub’yektlari  soni 1,9 barobar ko‘paydi va 2008 yili qariyb 400 mingtani tashkil etdi.

Kichik biznes sub’yektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari hajmi 2008 yili salkam 22 foizga ko‘paydi. Bu sanoat tarmog‘idagi  o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichidan ancha ko‘pdir. Shuning natijasida kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2007 yildagi 45,5 foizdan 2008 yilda 48,2 foizga ko‘tarildi. Bugungi kunda mamlakatimizda ish bilan band bo‘lgan jami aholining 76 foizdan ko‘prog‘i aynan shu sohada mehnat qilayotgani ayniqsa e’tiborlidir. 

Aholini ish bilan ta’minlash muammolarini hal qilishda ham jiddiy sifat o‘zgarishlari ko‘zga tashlanmoqda. Biz uchun o‘ta dolzarb bo‘lgan bu masalani yechishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish bilan birga, xizmat ko‘rsatish sohasi va kasanachilikning turli shakllarini keng joriy etish, qishloq joylarda chorvachilikni rivojlantirishni rag‘batlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda.

2008 yil mobaynida yurtimizda 661 mingga yaqin, jumladan, kichik biznes sohasida — 374 mingta, xizmat ko‘rsatish va  servis sohasida — qariyb 220 mingta, kasanachilik hisobidan  esa — 97 ming 800 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Albatta, ish o‘rinlari sonini ko‘paytirishda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish va kengaytirish muhim o‘rin tutadi. 2008 yili aloqa, axborotlashtirish, moliya, bank, transport xizmati ko‘rsatish, maishiy texnika va avtomobillarni ta’mirlash sohalari ancha yuqori sur’atlar bilan rivojlandi. So‘nggi to‘rt yil mobaynida yiliga o‘rtacha 50 foiz o‘sishni ta’minlayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xizmat ko‘rsatish jadal rivojlanayotganini alohida ta’kidlash lozim. Natijada xizmat ko‘rsatish sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2007 yildagi 42,5 foizdan 2008 yilda 45,3 foizga o‘sdi.

Ayni paytda qishloq aholisiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi yildan-yilga o‘sib borayotganiga qaramay, hali-beri past darajada — bor-yo‘g‘i 26,8 foiz bo‘lib qolayotganiga alohida e’tibor qaratish lozim. Aytish kerakki, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati ham talab darajasida emas.

Takror va takror ta’kidlab aytish kerakki, ishlab chiqarish korxonalari bilan kooperatsiya asosida barpo etiladigan kasanachilikni rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Bu borada mamlakatimizda ish beruvchi korxonalar uchun ham, kasanachilik bilan shug‘ullanuvchi aholi uchun ham rag‘batlantirishning yaxlit va ta’sirchan tizimi yaratilgan.

Bugungi bosqichda kasanachilik sohasi bandlik va oila byudjeti daromadlarini oshirishning qo‘shimcha manbaiga aylanib borayotganini hech kim inkor etolmaydi. Ayni vaqtda kasanachilik fuqarolarni, birinchi navbatda, xotin-qizlar, ayniqsa, ko‘p bolali ayollarni, yordamga muhtoj nogironlar va mehnat qobiliyati cheklangan boshqa  shaxslarni  ishlab chiqarish faoliyatiga jalb etish uchun muhim ijtimoiy ahamiyat kasb etmoqda.

2008 yilda kasanachilar tomonidan 34 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va xizmatlar ko‘rsatildi. Kasanachilik uchun ish o‘rinlari ochgan korxonalar,  shu  borada o‘zlariga   berilgan imtiyozlar hisobidan 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni tejashga erishdi.

Aholini, ayniqsa qishloq aholisini ish bilan ta’minlashning yana bir muhim yo‘nalishi shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarida qoramol boqish bilan shug‘ullanadigan kishilar sonini ko‘paytirishdan iborat. Qayd etish kerakki, bu masalada muayyan ijobiy natijalar qo‘lga kiritildi.

Mamlakatimizda qoramollarni aholiga va fermer xo‘jaliklariga kimoshdi savdolari orqali sotish, ularga maqsadli va imtiyozli kreditlar berish, veterinariya xizmati ko‘rsatishning sifati va hajmini oshirish, ozuqa bilan ta’minlash bo‘yicha samarali mexanizmlar yaratilgan. Chorvachilikni rivojlantirish dasturining ijrosi doirasida 2008 yili kimoshdi savdolarida 20 ming 300 bosh qoramol sotildi.  2009 yilda yana 24 ming 600 bosh qoramol sotilishi ko‘zda tutilmoqda. Agar 2007 yilda qoramol sotib olish uchun 42,5 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgan bo‘lsa, 2008 yilda bu raqam 48 milliard 200 million so‘mni tashkil etdi.

Ma’lumki, mamlakatimizda kam ta’minlangan oilalarni bepul sigir ajratish yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2006 yildan 2008 yilga qadar  ana   shunday   oilalar uchun 103 mingdan ziyod qoramol berildi.

Natijada 2009 yilning 1 yanvarigacha shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarida qoramol boquvchi sifatida ro‘yxatga olingan fuqarolarning umumiy soni 1 million 100 mingdan ko‘proqni tashkil etdi. Shulardan 54 ming kishiga yangi mehnat daftarchasi berildi, 111 ming fuqaroning esa mavjud mehnat daftarchasiga ish staji tegishli tartibda qayd etildi.

Jahon iqtisodiy inqirozi kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bank-moliya tizimi faoliyatini mustahkamlash va sifat jihatidan yaxshilash alohida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan, bank-moliya tizimi rivoji bilan bog‘liq masalalarga qisqacha to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir. 

Faqat 2008 yilning o‘zida "O‘zsanoatqurilishbank", "Asakabank", "Paxtabank", "o‘allabank" kabi yetakchi banklarning kapitallashuv darajasini oshirish bo‘yicha qator muhim qarorlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyalashning asosiy kredit markazlaridan biri bo‘lgan "Mikrokreditbank"ning nizom jamg‘armasini ko‘paytirishga oid farmoni qabul qilingani ham shu yo‘ldagi amaliy qadam bo‘ldi.

Natijada mamlakatimiz banklarining jami kapitali, qo‘shimcha resurslarni jalb etish hisobidan, 2007 yil bilan taqqoslaganda 40 foizga ko‘paydi. Bu ko‘rsatkich 2010 yilgacha bo‘lgan davrda ikki barobar oshadi. 

Ayni paytda banklarimizning umumiy aktivlari hajmi aholi va yuridik shaxslarning hisob raqamlaridagi mablag‘lardan  ikki barobardan ham ko‘pdir. Bu esa ushbu mablag‘larni ishonchli himoya qilish hamda ularga o‘z vaqtida va to‘la hajmda xizmat ko‘rsatishni kafolatlaydi. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan fuqarolarning banklar depozitlaridagi omonatlari, ularning miqdoridan qat’i nazar, davlat tomonidan to‘la kafolatlanadi.

Bugungi kunda mamlakatimiz bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi Bank nazorati bo‘yicha xalqaro Bazel qo‘mitasi talablari asosida belgilangan xalqaro standartlardan qariyb uch barobar ko‘p ekanini ta’kidlash joiz.

Hozirgi vaqtda respublikamiz bank tizimining umumiy joriy likvidligi dollar  hisobida 1,5 milliard dollardan ortiqdir. Bu tashqi nodavlat qarzlar bo‘yicha to‘lanishi kerak bo‘lgan to‘lovlar hajmidan 10 barobar ko‘pdir. Bu esa bizda likvidlik, ya’ni to‘lovlarga qodirlik darajasi bo‘yicha muammo yo‘q, deb aytish uchun asos beradi.

2008 yilning eng muhim yutuqlaridan biri O‘zbekiston bank tizimiga jahonning nufuzli reyting agentliklaridan bo‘lgan "Mudis" agentligi tomonidan biryo‘la uchta yo‘nalish, ya’ni, bank-moliya tizimining barqarorligi, milliy valyutada uzoq muddatli depozit reytingi va xorijiy valyutada uzoq muddatli depozit reytingi yo‘nalishlari bo‘yicha "barqaror" reyting darajasi berilgani bo‘ldi. Mazkur agentlik hisobotida ta’kidlanganidek, "Bank tizimi uchun ijobiy baho banklarni nazorat qilish muhiti mustahkamligini, bank tizimining potensial o‘sishini, moliya tizimidagi tarkibiy o‘zgarishlar va milliy iqtisodiyotning o‘sishini aks ettiradi".

Shular qatorida "Mudis" agentligi ikkita bankimiz — Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va "o‘allabank"ning kredit berish qobiliyati bo‘yicha reytingini ijobiy baholadi. Yana bir tanilgan xalqaro reyting agentligi — "Fitch" esa mamlakatimizning "Paxtabank", "Hamkorbank", "O‘zsanoatqurilishbank" va "Asakabank" kabi banklariga "barqaror" reytingini berdi.

Shu o‘rinda 2009 yilning 1 yanvarigacha O‘zbekistonning jami tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning 13,3 foizini tashkil etishini va bu ko‘rsatkich, xalqaro mezonlar bo‘yicha, "Har jihatdan maqbul holat" deb hisoblanishini ta’kidlash joiz.

Hozirgi mavjud sharoitda 2009 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturimizning eng ustuvor vazifalarini belgilab olishda jahon iqtisodiy inqirozining ta’siri va oqibatlarini yetarlicha to‘liq hisobga olish juda muhim. Dunyoning nufuzli ekspertlari tomonidan bildirilayotgan fikrlarga ko‘ra, bu inqiroz 2009 yilda va 2010 yilda ham davom etishi va ehtimol yanada chuqurlashishi kutilmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, o‘z-o‘zidan ayonki, mamlakatimizda jahon iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha 2009—2012 yillarga mo‘ljallab qabul qilingan Inqirozga  qarshi  choralar  dasturi O‘zbekistonni 2009 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.

Biz istiqlolning dastlabki yillarida qabul qilgan, mashhur besh tamoyilga asoslangan ijtimoiy yo‘naltirilgan erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tish modeli yildan-yilga ilgarilab borganimiz sari o‘zini amalda oqlab, naqadar to‘g‘ri va puxta ekanini isbotlamoqda, deb aytish uchun bugun barcha asoslarimiz bor.

Birinchi navbatda iqtisodiyotning mafkuradan xoli bo‘lishi, iqtisodiyotning siyosatdan ustunligida o‘z ifodasini topgan pragmatik iqtisodiy siyosat, davlatning bosh islohotchi vazifasini o‘z zimmasiga olishi, qonun ustuvorligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat olib borish, islohotlarni bosqichma-bosqich va vazminlik bilan amalga oshirish kabi tamoyillar ayniqsa dunyoda avj olib borayotgan moliyaviy va iqtisodiy inqiroz sharoitida o‘zining dolzarbligi va hayotiyligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizni, avvalo, iqtisodiyotimizni isloh etish, erkinlashtirish va modernizatsiya qilish, uning tarkibiy tuzilishini diversifikatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan, har tomonlama asosli va chuqur o‘ylangan siyosat bizni inqirozlar va boshqa tahdidlarning salbiy ta’siridan himoya qiladigan kuchli to‘siq, aytish mumkinki, mustahkam va ishonchli himoya vositasini yaratdi.

Shuni takror aytish joizki, integratsiyalashgan global iqtisodiy makonning uzviy bir qismi sifatida O‘zbekiston jahon iqtisodiy inqirozining tobora kuchayib borayotgan salbiy oqibatlarini his etayotgani va bundan keyin ham his etishini biz o‘zimizga yaxshi tasavvur qilamiz. Shundan kelib chiqqan holda, biz iqtisodiyotimizdagi real ahvol va sharoitlarni hisobga olib, 2008 yilning ikkinchi yarmidayoq Inqirozga qarshi choralar dasturini ishlab chiqishga kirishgan edik.

Hozirgi kunda jahon iqtisodiy inqirozi oqibatlarining oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha Inqirozga qarshi choralar dasturi tasdiqlanib, tarmoqlar va hududlar bo‘yicha aniq ijrochilarga yetkazildi. Dastur ijrosini qat’iy nazorat qilishni ta’minlash maqsadida hukumat komissiyasi va joylarda hududiy guruhlar tashkil etildi.

Muxtasar aytganda, Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirish  boshlab yuborildi va 2009 yilning yanvar oyi yakunlari bu dastur ijrosi o‘zining dastlabki, ammo ishonchli natijalarini berayotganini ko‘rsatmoqda.

Inqirozga qarshi choralar dasturining konkret bo‘limlari — belgilangan kompleks chora-tadbirlar quyidagi asosiy vazifalarni hal etishga qaratilgan.

Birinchidan — korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashni yanada jadallashtirish, zamonaviy, moslashuvchan texnologiyalarni keng joriy etish. Bu vazifa avvalambor iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari, eksportga yo‘naltirilgan va mahalliylashtiriladigan ishlab chiqarish quvvatlariga tegishlidir.

Bu o‘rinda  ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, xalqaro sifat standartlariga o‘tish bo‘yicha qabul qilingan tarmoq dasturlarini amalga oshirishni tezlashtirish vazifasi qo‘yilmoqda. O‘z navbatida, bu mamlakatimizning ham tashqi, ham ichki bozorda barqaror mavqyega ega bo‘lishini ta’minlash imkonini beradi.

Ikkinchidan — joriy kon’yunktura keskin yomonlashib borayotgan hozirgi sharoitda eksportga mahsulot chiqaradigan  korxonalarning tashqi bozorlarda raqobatdosh bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha konkret chora-tadbirlarni amalga oshirish va eksportni rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha omillar yaratish, xususan:

— aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun korxonalarga Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 70 foizidan ortiq bo‘lmagan stavkalarda 12 oygacha bo‘lgan muddatga imtiyozli kreditlar berish;

— tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, xorijiy investitsiya ishtirokida tashkil etilgan korxonalarni byudjetga barcha turdagi soliq va to‘lovlardan — qo‘shimcha qiymat solig‘i bundan mustasno — ozod qilish muddatini 2012 yilgacha uzaytirish;

— banklar kreditlari bo‘yicha to‘lov muddati o‘tgan va joriy qarzlar miqdorini qayta ko‘rib chiqish, byudjetga to‘lanadigan to‘lovlarning penyasidan kechish va boshqa muhim imtiyoz va preferensiyalar berish.

Uchinchidan — qat’iy tejamkorlik tizimini joriy etish, ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot tannarxini kamaytirishni rag‘batlantirish hisobidan korxonalarning raqobatdoshligini oshirish. Shu maqsadda 2008 yili xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning iqtisodiyotimizdagi yetakchi tarmoq va sohalarda mahsulot tannarxini kamida 20 foiz tushirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish borasidagi takliflari ma’qullanganini qayd etish lozim.

Shuningdek, tannarxni kamaytirish bo‘yicha belgilangan parametrlarga erishish uchun rahbar va mas’ul xodimlarni rag‘batlantirishning ta’sirchan mexanizmini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Inqirozga qarshi choralar dasturida 2009 yilda barcha turdagi energiya manbalari va kommunal xizmatlarning asosiy turlari bo‘yicha narxlarning ko‘tarilishini cheklash, ya’ni ularni 6—8 foizdan oshirmaslik mexanizmi ishlab chiqilgan. Ayni vaqtda bu sohalarning ishlab chiqarish rentabelligini so‘zsiz ta’minlashi kerak.

To‘rtinchidan  — elektroenergetika tizimini modernizatsiya qilish, energiya iste’molini kamaytirish va energiya tejashning samarali tizimini joriy etish choralarini amalga oshirish. Iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini yanada kuchaytirish, aholi farovonligini yuksaltirish ko‘p jihatdan bizning mavjud resurslardan, birinchi navbatda, elektr va energiya resurslaridan qanchalik tejamli foydalana olishimizga bog‘liqdir.

Beshinchidan — jahon bozorida talab pasayib borayotgan bir sharoitda, ichki bozorda talabni rag‘batlantirish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini saqlab qolishda g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Bu vazifani bajarishda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini kengaytirish katta o‘rin tutadi. Ushbu dastur doirasidagi loyihalar hajmini 3—4 barobar ko‘paytirish mo‘ljallanmoqda.

Oziq-ovqat va boshqa iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirishni rag‘batlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarda mamlakatimiz ishlab chiqarish korxonalari uchun keng ko‘lamli rag‘batlantirish tizimi nazarda tutilgan. Jumladan, ular uchun 2012 yilning 1 yanvarigacha quyidagi soliq va bojxona  imtiyozlari berilmoqda:

— go‘sht va sutni qayta ishlashga ixtisoslashgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun bo‘shagan mablag‘larni ishlab chiqarishni texnik qayta jihozlash va modernizatsiya qilishga maqsadli ravishda yo‘naltirish sharti bilan yagona soliq to‘lovi stavkasini 50 foizga qisqartirish;

— tayyor nooziq-ovqat tovarlarning muayyan turlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarni foyda va mulk soliqlaridan, mikrofirma va kichik korxonalarni yagona soliq to‘lovidan ozod qilish.

Hech shubhasiz, Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirishda iqtisodiyotimizdagi har qaysi sub’yektning imkon qadar ko‘proq manfaatdor bo‘lishini, ushbu dastur ijrosi ularning har biri uchun eng muhim ishga aylanishini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha rag‘batlantirish choralarini izlab topish katta ahamiyat kasb etadi.

Inqirozga qarshi choralar dasturining mazmun-mohiyati va asosiy vazifalariga baho berish asnosida, g‘oyat muhim, prinsipial ahamiyatga molik bir masalaga diqqatni qaratish o‘rinlidir.

Bu o‘rinda gap jahon iqtisodiy inqirozining oqibatlarini bartaraf etish, bank-moliya tizimini mustahkamlash, real iqtisodiyot korxonalariga yordam ko‘rsatish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholini ijtimoiy himoya qilish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirishga e’tibor qaratish bilan birga, biz ertangi kunimizni, kelajagimizni aslo unutmasligimiz zarurligi haqida bormoqda.

Boshqacha aytganda, biz hozirdanoq taraqqiyotimizning inqirozdan keyingi davri haqida chuqur o‘ylashimiz, bu borada uzoq muddatga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqish haqida bosh qotirishimiz kerak. Bu dastur iqtisodiyotimizning asosiy tarmoqlarini modernizatsiya qilish va texnik yangilash, mamlakatimizning yangi marralarni egallashi uchun kuchli turtki beradigan va jahon bozorida raqobatdoshligini ta’minlaydigan zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha maqsadli loyihalarni o‘zida mujassam etishi darkor.

Mana shu o‘ta muhim masalani, aytish mumkinki, hal qiluvchi strategik vazifani e’tiborimizdan chiqarmasligimiz zarur.

Tabiiy savol tug‘iladi — buning uchun bizda zarur imkoniyatlarimiz bormi, bunday loyihalarni amalga oshirish uchun mamlakatimizda qanday salohiyat yaratilgan?

Ta’kidlash joizki, ana shunday keng ko‘lamli dasturni amalga oshirish uchun biz so‘nggi yillarda jiddiy tayyorgarlik ko‘rib kelmoqdamiz. Jahon iqtisodiy inqirozi esa, mening nazarimda, bu jarayonni yanada jadallashtirishga turtki bermoqda, uni har tomonlama tezlashtirishni taqozo etmoqda.

Bugungi kunda iqtisodiyotimizni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, uning raqobatdoshligini keskin oshirish, eksport salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan muhim ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha Dastur ishlab chiqilmoqda. Shu borada, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, umumiy qiymati 24 milliard AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan qariyb 300 ta investitsiya loyihasi ustida ishlamoqdamiz. Jumladan, bunda yangi qurilish loyihalari — 18,5 milliard dollarni, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha loyihalar esa taxminan 6 milliard dollarni tashkil qiladi. Dasturga kiritilishi mo‘ljallanayotgan bu loyihalar avvalambor yoqilg‘i-energetika, kimyo, neft-gazni qayta ishlash, metallurgiya tarmoqlariga, yengil va to‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari sanoati, mashinasozlik va boshqa sohalarga tegishlidir.

Loyihalashtirish va qurilish ishlari boshlanayotgan  inshootlarni quyidagi mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilmoqda: kompaniya va korxonalarning o‘z mablag‘lari — umumiy hisobda 8,2 milliard dollar, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot fondi kreditlari — 2,5 milliard dollar, xorijiy investitsiya va kreditlar — 13,5 milliard dollar. 
Shunisi e’tiborga sazovorki, ushbu loyihalarning bir qismi bo‘yicha 2007—2008 yillarda qurilish ishlari boshlab yuborilgan, ba’zilarining qurilishini esa 2009 yilda boshlash ko‘zda tutilmoqda.

Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur loyihalarning amalga oshirilishi innovatsion va energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va jahon bozorida talab mavjud bo‘lgan yangi turdagi tovarlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hisobidan yiliga 10,4 milliard dollarlik qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish, yillik eksportni 6,5 milliard dollarga ko‘paytirish, yalpi ichki mahsulot hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Bugungi kundagi asosiy vazifamiz — har bir loyihani qisqa muddatlarda barcha manfaatdor tuzilmalar, birinchi navbatda, xorijiy investorlar bilan birgalikda batafsil ko‘rib chiqish, ular bo‘yicha kelishuvlarni oxiriga yetkazish va 2009—2014  yillarga belgilangan ushbu strategik muhim dasturning qabul qilinishini tezlashtirishdir.

YUqorida zikr etilgan vazifalarni inobatga olgan holda, 2009 yilgi iqtisodiy dasturimizning ikkinchi eng muhim ustuvor  yo‘nalishi — boshlangan tarkibiy o‘zgarishlarni va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish  jarayonlarini davom ettirishdir.

Ma’lumki, 2000 yilda biz bu boradagi islohot va yangilanishlar yo‘nalishini aniq belgilab olgan edik. Imkoniyatdan foydalanib, yana bir bor takrorlamoqchiman — bu yo‘nalish bugun ham o‘z dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotmagan, keyingi yillarda ham yo‘qotmaydi. Nega deganda, biz iqtisodiyotimiz va mamlakatimizning jahon maydonidagi raqobatdoshligini aynan ana shu o‘ta muhim, o‘zak vazifani bajarish orqaligina ta’minlay olamiz. Barchamiz uchun bu haqiqat ayon bo‘lishi shart.

Информация о работе Jahon moliyaviy inqirozi