Автор работы: Пользователь скрыл имя, 20 Ноября 2013 в 12:44, контрольная работа
2008 yilda boshlangan va bugungi kunda ko‘lami tobora kengayib va chuqurlashib borayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqiroziga baho berar ekan, ko‘pgina xalqaro ekspert va mutaxassislar bu inqirozning sabablari va yanada avj olishi bilan bog‘liq prognozlarida javoblardan ko‘ra ko‘proq savollarga duch kelishmoqda.
E’tiboringizga havola etilayotgan "Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari" deb nomlangan ushbu asarning dolzarbligi ham aynan ana shu holatlar bilan izohlanadi. Kitob quyidagi ikki qismdan iborat:
Buning ustiga, qanchalik g‘ayritabiiy tuyulmasin, jahon iqtisodiy inqirozi ishlab chiqarishni muntazam yangilab, modernizatsiya qilib borish zaruratini kun tartibiga yanada o‘tkir qilib qo‘ymoqda va buning uchun bor kuch-imkoniyatimiz va resurslarimizni safarbar etishni talab qilmoqda.
Faqat bitta misol. Bugun Toshkent, Navoiy va Tollimarjondagi uchta issiqlik elektr stansiyasida mavjud bo‘lgan tejamkorligi past gaz qurilmalari o‘rniga zamonaviy bug‘-gaz qurilmalarini barpo etish loyihalari ustida ish olib borilmoqda. Albatta, bu loyihalarni amalga oshirish uchun kattagina investitsiya kerak bo‘ladi.
Lekin issiqlik energiyasi ishlab chiqarishda energiya manbalaridan foydalanish hajmini jahon standartlari darajasida qisqartirishga erishadigan bo‘lsak, bundan keladigan samara sarf qilingan xarajatlarni har jihatdan to‘la qoplaydi. Shuning uchun ham ushbu loyihalar ijrosini jadallashtirish ustida qattiq ishlash zarur.
Mahsulot raqobatdoshligini ta’minlash uchun ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash bo‘yicha katta va kichik loyihalarni izlash, buning uchun zarur mablag‘ va manbalarni topish — bu har bir korxona rahbari va muhandis-texnik xodimlarining birinchi navbatdagi eng muhim vazifasi va majburiyati bo‘lmog‘i kerak.
Mahalliy organlar va tarmoq tuzilmalari rahbarlarining joylarda aholi bandligini ta’minlash bahonasida, nima qilib bo‘lsa ham, hech kimga kerak bo‘lmagan, omborlarda taxlanib yotadigan sifatsiz mahsulotni ishlab chiqarish, eskirgan texnika va texnologiya asosida zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni saqlab qolish uchun urinishlariga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday korxonalar soni bugungi kunda 200 tadan oshadi.
Ajablanarli tomoni shundaki, bunday korxonalarning aksariyati yengil va oziq-ovqat sanoati sohasida saqlanib qolmoqda. Holbuki, bu sohalarda tez o‘zgaruvchan bozor talabi texnika va texnologiyani uzog‘i bilan 5—7 yilda, rivojlangan mamlakatlarda esa bundan ham qisqa muddatlarda o‘zgartirishni talab etadi.
Bunday vaziyatni mazkur korxonalarni bankrot deb e’lon qilish yo‘li bilan tubdan o‘zgartirish darkor.
Alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan navbatdagi eng muhim ustuvor vazifa — qishloqda turmush darajasini yuksaltirishga, qishloqlarimiz qiyofasini o‘zgartirishga qaratilgan uzoq muddatli va bir-biri bilan chambarchas bog‘liq keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish, ijtimoiy soha va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishni jadallashtirish, mulkdorning, tadbirkorlik va kichik biznesning maqomi, o‘rni va ahamiyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, fermer xo‘jaliklari rivojini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.
2009 yili tasdiqlangan "Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili" Davlat dasturida bu hujjatning mazmun-mohiyati, eng muhim yo‘nalishlari, konkret parametrlari va moliyaviy manbalari aniq belgilab qo‘yilganini hisobga oladigan bo‘lsak, bugun bu masalalarga batafsil to‘xtalib o‘tishning zarurati bo‘lmasa kerak.
Lekin bu ustuvor yo‘nalish va uni amalga oshirish dasturi nafaqat 2009 yil, balki o‘rta muddatli istiqbol uchun belgilab olinganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Qishloqlarimiz qiyofasini, qishloqda hayot sifatini, ishlab chiqarish munosabatlarining mazmun-mohiyatini o‘zgartirishga, agrosanoat majmuida olib borilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishga, oxir-oqibatda qishloq aholisining ijtimoiy-siyosiy va madaniy saviyasini, ongi va fuqarolik mas’uliyatini oshirishga qaratilgan, biz uchun o‘ta dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu davlat dasturini bajarishga kirishar ekanmiz, 2009 yildagi bosh vazifamiz uni amalga oshirish bo‘yicha istiqboldagi barcha ishlarni mustahkam tashkiliy asosga qo‘yishdan iboratdir.
Dasturning prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan quyidagi yo‘nalishlariga yana bir bor e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.
Birinchidan, mazkur dastur ijrosi bilan bog‘liq qonunchilik va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish va mustahkamlash, yangi qonunlar qabul qilish, tegishli qonun hujjatlariga, Yer kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zarur. Qishloqda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanishni tartibga solish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratish lozim.
Ikkinchidan, dasturda belgilangan vazifalar orasida qishloqlarimizda hayot sifatini tubdan yuksaltirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish prinsipial muhim va hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Buning uchun qishloq aholi punktlarini me’moriy jihatdan loyihalashtirish va qurish ishlarini tashkil etish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish lozim. Hududlarning me’moriy-loyihaviy qurilishi bo‘yicha bosh planlari ishlab chiqilishini ta’minlash, mintaqalarning iqlimi, demografik holati va boshqa shart-sharoitlarini hisobga olgan holda, qishloq uylari va ijtimoiy inshootlarning unifikatsiya qilingan namunaviy loyihalarini tayyorlash darkor.
Bu vazifalarni bajarish uchun maxsus "Qishloq-qurilish-loyiha" loyiha-tadqiqot instituti tashkil etildi. Ushbu muassasaning to‘laqonli faoliyat boshlashini tezlashtirish, uni yuqori malakali kadrlar bilan mustahkamlash va ularning oldiga aniq va ravshan vazifalar qo‘yish kerakki, 2009 yilning o‘zidayoq biz yangi arxitektura bosh planlari va namunaviy loyihalar bo‘yicha ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishimiz lozim.
Tabiiyki, yangi qurilishlarni zamonaviy qurilish materiallari va konstruksiyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Qishloq joylarda barpo etiladigan ob’yektlarni qurishda yig‘ma, kompozitsion va kichik blokli konstruksiyalarni qo‘llagan holda, industrial va yig‘ma texnologiyalarni keng joriy etish darkor.
Biz qishloqda nafaqat obod aholi maskanlari va zamonaviy uylarga, balki ravon yo‘llar, uzluksiz energiya ta’minoti, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimiga, rivojlangan ijtimoiy ob’yektlar tarmog‘iga — bu qishloq vrachlik punktlari, maktablar bo‘ladimi, bolalar sporti inshootlari, telekommunikatsiya va pochta aloqasi bo‘ladimi, xizmat ko‘rsatish, savdo shoxobchalari bo‘ladimi — ana shunday va boshqa tuzilmalarga ega bo‘lishimiz kerak.
Qishloq joylardagi mavjud infratuzilmani yana bir bor tanqidiy baholab, uni kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha mablag‘ va imkoniyatlar topish zarur. Bu qishloqlarda aholini, ayniqsa, yoshlarning bandligini oshirishning muhim omillaridan biri ekanini unutmasligimiz darkor.
Belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun qishloq qurilishi bo‘yicha hududiy bo‘limlarga ega ixtisoslashgan bank tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Uchinchidan, dasturning asosiy vazifasi — qishloqda sanoat ishlab chiqarishi va qurilishni jadal rivojlantirish, meva-sabzavot va chorva mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnika hamda texnologiyalar bilan jihozlangan ixcham korxonalarni tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirishdan iborat.
Bu borada vazifa keng miqyosda qo‘yilmoqda — ya’ni, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish hisobidan qishloqda ixcham texnologiyalar bilan jihozlangan yangi, zamonaviy qayta ishlash korxonalarini shakllantirish va ularning keng ko‘lamda faoliyat yuritishi uchun har tomonlama mustahkam xom ashyo bazasini tashkil etish zarur. Bunday ishlab chiqarish quvvatlari har bir viloyat, tuman va qishloqda barpo etilishi darkor. Bu nafaqat ishlab chiqarishning yangi hajmlari va yalpi ichki mahsulotni oshirish, avvalo oziq-ovqat ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkonini berishini aniq-ravshan tushunib olishimiz zarur. Chunki oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyoj hamisha yuqori bo‘lib, bu ehtiyoj bundan buyon ham ortib borishiga shubha yo‘q.
Eng muhimi, qayta ishlash korxonalarini tashkil etish orqali biz avvalambor ish o‘rinlariga talab doimo katta bo‘lgan qishloqlarda yoshlarni ish bilan ta’minlash muammosini hal etish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
To‘rtinchidan, 2008—2012 yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar tizimining izchil amalga oshirilishiga — ya’ni, ekin maydonlarining meliorativ ahvolini yaxshilash, faoliyat ko‘rsatayotgan irrigatsiya-melioratsiya ob’yektlarining tegishli texnik holatini ta’minlash, ixtisoslashgan suv xo‘jaligi, qurilish va ekspluatatsiya tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy texnika bilan jihozlash masalalariga alohida e’tibor qaratish darkor.
2009 yilda xizmat ko‘rsatish va kichik biznes sohasini aholi bandligini ta’minlash va hayot darajasini oshirishning eng muhim omili sifatida yanada jadal rivojlantirish — ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
Bizning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatimizda kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga qanday katta ahamiyat berilayotganini yana bir bor takrorlashning hojati yo‘q, deb o‘ylayman. Faqat e’tiboringizni shunga qaratmoqchimanki, kichik biznesning ixcham va harakatchanligi, bozor kon’yunkturasi o‘zgarishlari va iste’molchilar ehtiyojlariga nisbatan tez moslasha olishi uni jahon iqtisodiy inqirozi davrida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadini oshirish borasida eng qulay va maqbul vositaga aylantiradi.
2009 yilda kichik biznesni yanada qo‘llab-quvvatlash vazifasi har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki kichik biznes yangi-yangi ish o‘rinlarini yaratib, bizning sharoitimizda ish bilan band aholi daromadining 70 foizdan ortig‘ini tashkil etmoqda.
Shu sababli Inqirozga qarshi choralar dasturida kichik biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu chora-tadbirlar soliq va kredit imtiyozlari bilan bir qatorda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay biznes muhitini yaratish maqsadida institutsional islohotlarni yanada chuqurlashtirishni ham o‘z ichiga oladi.
Jumladan, yangi tashkil etilayotgan kichik va xususiy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Imtiyozli kredit jamg‘armasining resurs bazasini ikki barobar oshirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, berilgan imtiyozlarning amal qilish muddati uzaytirildi, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun beriladigan kreditlarning eng uzoq muddati 12 oydan 18 oyga oshirildi.
2009 yilning 1 yanvaridan sanoat sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lov stavkasi 8 foizdan 7 foizga kamaytirildi, moliyaviy, maishiy va boshqa xizmatlar ko‘rsatayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalar yagona soliq to‘lovidan 3 yil muddatga ozod etildi. Bunda mikrofirmalar va kichik korxonalar, nodavlat xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni oladigan dividendlarining investitsiyalarga, avval olingan kreditlar uchun hisob-kitob qilishga yo‘naltiriladigan qismi 5 yil muddatga soliqdan ozod etildi. Shuningdek, Inqirozga qarshi choralar dasturida 2009 yilda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni tekshirishlar sonini kamida yana 30 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Ayniqsa, xizmatlar ko‘rsatish sohasini yanada jadal rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni chuqurlashtirish katta ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlash joiz.
Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish va qishloq joylarda ularni aholi, ayniqsa, yoshlar bandligining, qishloqda hayot darajasini oshirishning muhim omili sifatida jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish zarur.
Bu boradagi eng asosiy vazifa vaziyatga tadbirkor nuqtai nazaridan qarash, ya’ni unga o‘z ishini rivojlantirish uchun nima to‘sqinlik qilayotgani va davlat tomonidan qanday yordam kerakligini aniqlash lozim. Xususiy sektorga qishloq joylarda ko‘rsatilayotgan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga ham alohida ahamiyat berish darkor.
Navbatdagi eng ustuvor vazifa — bu mamlakatimizni modernizatsiya qilish va aholi bandligini oshirishning muhim omili sifatida ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirishdan iborat.
G‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu ustuvor vazifaga alohida e’tibor qaratish zarur. Buning bir qancha sabablari bor.
Birinchidan, infratuzilmani rivojlantirish yangi korxonalarni joylashtirish va butun iqtisodiyotni taraqqiy ettirish uchun zarur qulay shart-sharoitlar yaratadi, mamlakatimizning boy mineral-xom ashyo resurslarini o‘zlashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ikkinchidan, ishlab chiqarish infratuzilmasi, avvalambor, avtomobil va temir yo‘llarning rivojlangan tizimi, ularning samarali faoliyati ishlab chiqarishdagi umumiy xarajatlarni kamaytirishning muhim sharti va omilidir. Bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarilayotgan mahsulot va butun iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini oshiradi.
Uchinchidan, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholini toza ichimlik suvi, energiya bilan ta’minlash, ijtimoiy soha ob’yektlarini barpo etish, pirovard natijada aholining turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, infratuzilmani rivojlantirish ko‘p mehnat talab qiladigan keng ko‘lamli soha hisoblanadi. Bu yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, aholining, ayniqsa, yoshlarning ish bilan bandligini ta’minlash, odamlarning daromadi va farovonligini oshirish imkonini beradi.
Zamonaviy ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirishni ta’minlash, shu asosda iqtisodiyotni izchil va barqaror yuksaltirish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida "2009 yilda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" maxsus dastur qabul qilindi va uning bajarilishi qat’iy nazoratga olindi.
Transport infratuzilmasini, birinchi navbatda avtomobil va temir yo‘llarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2007—2010 yillarda umumiy foydalanishda bo‘lgan avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturining amalga oshirilishi bugungi kunda respublikamizning barcha mintaqalari o‘rtasida yil davomida ishonchli transport aloqasini ta’minlamoqda. Shuningdek, Dastur doirasidagi ishlar qo‘shni mamlakatlar chegaralaridan o‘tmasdan, yuklarni manzilga uzluksiz yetkazish, yo‘lovchilar tashish uchun sharoit yaratmoqda, hududimiz orqali o‘tadigan yuklar tranzitini sezilarli darajada ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.
2009 yilda yanada ishonchli transport xizmati ko‘rsatish uchun qabul qilingan qo‘shimcha chora-tadbirlar bilan bir qatorda xalqaro ahamiyatga molik umumiy foydalanishda bo‘lgan 400 kilometrdan ortiq avtomobil yo‘lini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, Beynov — Buxoro — Samarqand — Toshkent — Andijon yo‘nalishi bo‘yicha 4 qatorli xalqaro avtomobil yo‘lini, shuningdek, Buxoro — Olot va Samarqand — o‘uzor yo‘llarining strategik uchastkalarini qurish mo‘ljallanmoqda. Shu bilan birga, mahalliy byudjetlar va Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mahalliy ahamiyatga molik yo‘llarni rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ko‘lamini kengaytirish vazifasi qo‘yilmoqda.
Temir yo‘l tarmoqlarini qurishni davom ettirish ham biz uchun katta ahamiyat kasb etadi. 2009 yilda yangi Toshguzar — Boysun — Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasida obodonlashtirish ishlarini nihoyasiga yetkazish zarur. Dehqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodining qayta ishlash kompleksiga olib boradigan yangi temir yo‘l tarmog‘ini barpo etish, Jizzax — Yangiyer yo‘nalishi bo‘yicha elektrlashtirilgan ikki yo‘lli liniya va Yangiyer — Farhod yo‘nalishi bo‘yicha elektrlashtirilgan bir yo‘lli liniya qurilishi yuzasidan ko‘zda tutilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak.
Navoiy aeroporti bazasida erkin industrial-iqtisodiy zonani tashkil etish, shuningdek, Navoiy shahrida yangi barpo etilgan aerodromni xalqaro operator — Koreyaning "Korean Eyr" kompaniyasi boshqaruviga berish to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi tufayli oldimizda katta istiqbollar ochiladi. Xalqaro intermodal logistika markazining tashkil etilishi undan nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan qit’alararo transport-ekspeditsiya uzeli sifatida foydalanish imkonini beradi. Ayni paytda u Navoiy viloyati va qo‘shni hududlarda yangi, yuksak texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratadi.
Ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarini jadal rivojlantirish, aholi punktlarini obodonlashtirishni tubdan yaxshilash, shuning hisobidan qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish masalalari bizning rejalarimizda alohida o‘rin egallaydi.
Ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar doirasida 2009 yilda uzunligi 2 ming kilometrdan ortiq ichimlik suvi va qariyb 700 kilometrlik tabiiy gaz tarmoqlarini ishga tushirish, chekka tumanlarni suyultirilgan gaz bilan ta’minlashni tubdan yaxshilash belgilangan.
Uy-joylarni kapital ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va qurish bo‘yicha pudrat ishlari ko‘lamini kengaytirish, aholining o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirish maqsadida shahar va tumanlarda turarjoy fondi ob’yektlarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va ularning dizayni bo‘yicha ishlarni tugal holda, ya’ni kaliti bilan topshirish sharti asosida faoliyat olib boradigan ixtisoslashgan xususiy ta’mirlash-qurilish tashkilotlarini tuzish nazarda tutilgan.
Bank ishini yanada takomillashtirish, aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga jalb qilishni rag‘batlantirish ishlari ham 2009 yilda ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
Bank tizimini rivojlantirish va mustahkamlash masalasi doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda va bu o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Biroq, bu boradagi ishlarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish kerak. Nega deganda, aynan banklar, ta’bir joiz bo‘lsa, butun iqtisodiyotimizni oziqlantirib turadigan qon tomirlari hisoblanadi, mamlakatimizning moliyaviy-iqtisodiy barqarorligi ko‘p jihatdan ularning samarali faoliyatiga bog‘liq.
Birinchi navbatda banklar, ularning muassislari kapitallashuv darajasini oshirish bo‘yicha boshlangan ishlarni oxiriga yetkazishi, o‘z nizom jamg‘armasi miqdorini belgilangan ko‘rsatkichlarga olib chiqishi lozim.
Bugungi kunda banklarda omonatlarning ko‘payishiga, ularning bank tizimiga jalb etilishiga nimalar to‘sqinlik qilayotganini har tomonlama chuqur tahlil qilish va bu borada qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish kerak. Bu o‘rinda gap aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning bo‘sh mablag‘larini bank sektoriga jalb qilishda ta’sirchan va uzoq muddatli rag‘batlantirish omillarini tashkil etish, iqtisodiyotning real sektoriga kredit ajratishni ko‘paytirish uchun banklarning imkoniyatini kengaytirish haqida bormoqda.
Banklar zimmasiga investitsiya faoliyatini kengaytirish vazifalari yuklangani sababli ularning ishini tubdan qayta tashkil etish lozim. Birinchi navbatda, bu borada investitsiya loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish va moliyalashni tashkil etish bo‘yicha tijorat banklarining maxsus xizmatlarini mustahkamlash zarur.
Inqirozga qarshi choralar dasturida ko‘zda tutilgan tadbirlarni izchillik bilan amalga oshirish jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining tahdid va xatarlariga munosib qarshi turish, uning iqtisodiyotimizga salbiy ta’sirining oldini olish imkonini beradi.
Ayni paytda bu dastur inqirozdan so‘ng O‘zbekiston iqtisodiyotining yanada kuchli, barqaror va mutanosib rivojlangan holda maydonga chiqishi, jahon bozorlarida o‘zimizning mustahkam o‘rnimizni egallash, shular asosida izchil iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, xalqimizning hayot darajasi va farovonligini yanada oshirish bo‘yicha oldimizda turgan ustuvor vazifalarni muvaffaqiyatli hal etish uchun ishonchli zamin yaratadi.